KUZATUV

Ko’zlarim – usturlob
Zulmat g’ori og’zidan
Kuzataman
Fazoning sochqilarini
Ko’zlarim – usturlob
Kuzataman
Koinotning tungi kechinmasini
Ko’zlarim –  usturlob
Sanay boshlaydi barmog’im
Bir, ikki, uch
Tonga yaqin
Yiltirab so’nadi nimadir sasiz…

                             2020 yil.

TUN QORACHIG’I



Ermakchi vaqt
Chinachog’in tirnog’in kesib
Qayiq qilib oqizdi
Tunning chayqalgan qorachig’iga
Qalqib-qalqib borar qaygadir
Vahimachi anor chuchitadi tushni
Sochilib ketdi kaftidagi  munchoqlari
Sahar chog’iga qadar
Jimirlar tunning qorachig’i
Esnaydi dunyoning eshigi
Ajinalar tentirab kirib-chiqar o’zicha
Tunning qorachig’ida
Men esa
Tun qorachig’i  poyida
Miyamda g’imirlagan ajdodlarimning so’zlarini
Takrorlayman yod olmoq uchun

                                                      2020 yil.

Zuhra Qurbon Shahrisabziya 
www.kafiye.net