Şair ve Yazarların Buluşma Sayfası

Hasan Xolmirza Goyib

Bu yurtda erksevar

Email :3

Bu yurtda erksevar



Bu yurtda erksevar bir El yashardi

Hurriyat shamoli esgan onlarda.

Hayiqmay turfa xil toʻsiq, gʻovlardan

Qullik kishanlarin uzib tashlagan

Qoʻrqmasdan koʻzlari qizil yovlardan.



Oʻsha intilishlar, yorugʻ xayollar,

Ulugʻvor maqsadlar, jurʼat, shijoat

Nahot ketgan boʻlsa shamoldek toʻzib?

Yoki shum tuzumning mashʼum soyasi

Buyuk toʻlqinlarni qoʻydimi toʻsib?




Nahot unut boʻldi bobolar yodi?

Nahotki tark etdi jasorat, imkon?

Nahot, parvoz etmay sindi qanoti?

Nahot, tiklanmagay ulugʻ Turkiston?

Nahot, shahidlarning ohi, faryodi

Unutilib ketdi beiz, benishon?



Yoʻq. Yoʻq. Bu gʻalvali, makkor davrda

Pinhona kurashga oʻtib olgan El

Yovlariga qarshi yigʻayotir kuch:

Ezgu gʻoyalarni oʻz bolalari

Ongi, shuuriga singdirib butkul

Yovlardan beayov olajakdir oʻch!


Turkiston qaytadan tugʻilajakdir!



19.04.2022

Hasan Xolmirza Goyib.
www.kafiye.net

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Related Posts